Axborot texnologiyalari va raqamlashtirishning tibbiyot sohasiga keng joriy etilishi natijasida davolanuvchilar uchun qo‘shimcha qulayliklar yaratilib, xizmat ko‘rsatish sifati yaxshilanmoqda. Yangibozor tumanidagi markaziy poliklinikada «Elektron poliklinika» tizimining ishga tushirilishi natijasida fuqarolarning shifokor qabuliga yozilishi, tibbiy kartani elektron ko‘rinishda saqlash, shifokor uchun bemorning kasalliklar tarixi, hududning kasalliklar statistikasi bilan real vaqt rejimida tanishish imkoniyati yaratildi. Bundan tashqari fuqarolar “DMED” mobil ilovasi orqali uydan chiqmasdan shifokorlardan videoqo‘ng‘iroq orqali maslahat olishlari mumkin.Muassasada tibbiy hujjatlarning yuritilishi raqamlashtirildi va shifokorlarning vaqti tejaladigan bo‘ldi. Viloyat hokimi Jo‘rabek Raximov tibbiyot muassasidagi mazkur yangilik va birlashmaning bir qator bo‘limlari faoliyati bilan tanishdi.