O‘zbekiston hududlari sog‘liqni saqlash tizimi, xususan, ona va bola salomatligi muhofazasi, isbotlangan tibbiyot asosida eng so‘ngi bilimlar va ko‘nikmalar darajasida bo‘la oladi va bo‘lishi kerak. Buni 17 mayda Urganch shahrida bo‘lib o‘tgan «O‘zbekistonda ayollarga ambulator yordam: muammolar va yechimlar» mavzusidagi ilmiy-amaliy konferensiya yana bir bor isbotladi.
Forumning ochilishida uning ishtirokchilariga O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi ona va bola salomatligini muhofaza etish Bosh boshqarmasi boshlig‘i Feruza Fazilova, Respublika ixtisoslashtirilgan ona va bola salomatligi ilmiy-amaliy tibbiyot markazi direktori Natalya Nadirxanova, RIOvaBSIATM Xorazm filiali direktori S alomat Matyakubovalar murojaat qildilar.
Natalya Nadirxanova maʼruzasida taʼkidlanganidek, zamonaviy standartlar homilador ayollarni davolashda polipragmaziyanii, yaʼni keragidan ortiq dori-darmonlar buyurish, asossiz va keraksiz tashxis va davolashlarni aralashtirishlarni inkor etishni maqsad qilgan. Har safar homilador ayolning shifokor ko‘rigiga kelganida akusherlik asorati xavfi omillarini qunt bilan baholash, hamda ushbu xavfni kamaytirish bo‘yicha profilaktik tadbirlar o‘tkazish zarur. Joylarda oilaviy shifokorlar, akusher-ginekologlar va patronaj-akusherlar tomonidan mana shularni ertaroq aniqlash va bemorlarni o‘z vaqtida 2-3-darajadagi tug‘ruq muassasalariga yuborish ona va bola, hamda mamlakatimizning yangi avlodlari salomatligi uchun xavfni kamaytirish kafolati bo‘lib xizmat qiladi.
Xorazm, Samarqand, Buxoro, Surxondaryo, Andijon viloyatlari va Qoraqalpog‘iston Respublikasi tug‘ruq tizimining birlamchi tibbiy-sanitar yordam muassasalarining 180 nafar atrofidagi mutaxassislari hududiy konferensiya ishtirokchilarini tashkil etdi. Aynan man shu kishilar tug‘ruqqacha bo‘lgan davrda yordam ko‘rsatadi. Tabiiyki, ayol va tug‘ilajak norasidaning holati bevosita ularning xizmatlari sifatiga bog‘liq. Shu tufayli konferensiyada navbatdan tashqari maʼruzalar tinglandi va muhokama etildi. Ushbu maʼruzalardan ko‘zlangan maqsad — hudud shifokorlarini eng yaxshi xorijiy va mamlakatimiz klinik amaliyotlari va homilador ayollarni davolash bo‘yicha eng so‘ngi xalqaro standartlar bilan tanishtirishdan iboratdir.
Bunda asosiy eʼtibor milliy protokollar tavsiyalariga va homilador ayollarni, jumladan yuqori xavf darajasidagi guruhlaridagi ayollarni davolash standartlariga qaratildi.
Birinchi marta bunday hududiy konferensiya O‘zbekistonning viloyatlaridagi tibbiyot xodimlarining qiziqishlarini inobatga olgan holda o‘tgan yili Farg‘onada tashkil etilgan edi. Uni har yili o‘tkazishga qaror qilingan.
Shuni qo‘shimcha qilamizki, O‘zbekistonning zamonaviy sog‘liqni saqlash tizimida tug‘ruqqacha bo‘lgan yoki antenetal davolash nafaqat homilador ayollarni konsultativ tibbiy tekshirish, profilaktikadan o‘tkazish va davolashni, shuningdek, ularga bilim berishni ham o‘z ichiga oladi.
Bugun antenetal davolash xizmatini ko‘rsatish tizimiga oilaviy shifokor, akusher-ginekolog, akusher, patronaj tibbiy hamshira (tibbiyot brigadalar) kabi mutaxassislar kiradi.
Ularning malakasini oshirishga jiddiy eʼtibor qaratiladi. Chunki antenetal kuzatuv birlamchi tibbiy-sanitar yordam xizmati tashkilotlari tomonidan homiladorlik davomidagi asoratlarning oldini olish va ayollarga kechiktirib bo‘lmaydigan holatlar yuz berganda o‘z vaqtidagi yordamni taʼminlash uchun ko‘rsatiladigan tibbiy yordamning muhim tarkibiy qismi sanaladi.