O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligining 2025 yil 18 apreldagi 102-sonli buyrug‘iga muvofiq, mamlakatimizda “Sog‘lomlashtirish oyligi” keng ko‘lamda o‘tkazilmoqda. Ushbu sog‘lomlashtirish tadbirlari inson salomatligini muhofaza qilish, kasalliklarni barvaqt aniqlash va profilaktik choralarni kuchaytirishda muhim ahamiyat kasb etadi.
Mazkur oylik doirasida bugun Tuproqqalʼa tumanidagi markaziy poliklinika va hududiy shifo maskanlarida chuqurlashtirilgan tibbiy ko‘riklar tashkil etildi. Tibbiy aksiyaga viloyat tibbiyot muassasalari malakali mutaxassislari jalb qilindi.
Tadbir davomida aholining keng qatlamlari – jami 550 nafar fuqaro, jumladan, “Ijtimoiy reyestr”ga kiritilgan ehtiyojmand toifa vakillari tor soha mutaxassislari — nevrolog, okulist, terapevt, xirurg, LOR, urolog, koj-venerolog, endokrinolog, kardiolog, pediatr, travmotologlar tomonidan chuqur tibbiy ko‘rikdan o‘tkazildi.
Ko‘riklar chog‘ida 135 nafar fuqaroda turli xil kasalliklar aniqlandi. Shulardan 110 nafari ambulator davolanishga yo‘naltirilgan bo‘lsa, 25 nafar bemorga statsionar muolajalar uchun yo‘llanma berildi. Yana bir eʼtiborli jihati shundaki, 112 nafar bemorga davlat tomonidan kafolatlangan bepul dori-darmonlar yetkazib berildi.
Shuningdek, imkoniyati cheklangan, nogironligi bo‘lgan va tibbiyot muassasalariga kela olmaydigan fuqarolar ham eʼtibordan chetda qolmadi. Ularga tibbiy xizmat uy sharoitida ko‘rsatildi, zarur tavsiya va yo‘nalishlar berildi.
Bundan tashqari, aholi o‘rtasida sog‘lom turmush tarzi, to‘g‘ri ovqatlanish, jismoniy faollik va zararli odatlardan voz kechish haqida tushuntirish ishlari, jonli suhbatlar tashkil qilindi.
Bu kabi tadbirlar nafaqat mavjud kasalliklarni aniqlash, balki kelgusida yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan xastaliklarning oldini olishda muhim ahamiyat kasb etadi. Davlatimiz tomonidan fuqarolar salomatligini muhofaza qilish, sog‘lom va barkamol avlod tarbiyasiga yo‘naltirilgan siyosatning amaldagi samarasini ana shunday tadbirlar orqali yaqqol ko‘rish mumkin.
Sog‘lom millat — yurt tayanchi. Shu bois, har bir fuqaroning sog‘ligiga bo‘lgan eʼtibor bugungi islohotlarning markazida bo‘lib qolmoqda.