Xorazm viloyati sog‘liqni saqlash boshqarmasi boshlig‘i Ko‘palboy Tangriberdiyevning
12 may – Xalqaro hamshiralar kuni munosabati bilan tabrigi
Hurmatli hamshiralar!
Qadrli tibbiy birodarlar!
Barchangizni 12 may — Xalqaro hamshiralar kuni munosabati bilan samimiy tabriklayman!
Bugungi kunda sog‘liqni saqlash tizimida o‘rta tibbiyot xodimlarining o‘rni beqiyos. Bemorlarni parvarish qilish, ularning tezroq sog‘ayishiga ko‘maklashish, profilaktik tadbirlar olib borish, tibbiy madaniyatni yuksaltirish kabi muhim vazifalarni bajarishda sizlarning hissangiz katta. Bu faoliyat qatʼiyat, bilim, masʼuliyat va eng muhimi — insonparvarlikni talab etadi.
Xorazm viloyatidagi shifoxonalar, poliklinikalar, tez yordam markazlari va boshqa tibbiyot muassasalarida faoliyat yuritayotgan minglab o‘rta tibbiyot xodimlari bugun o‘z kasbining haqiqiy ustalari sifatida el salomatligiga hissa qo‘shmoqdalar. Ular onalik va bolalikni muhofaza qilish, profilaktik xizmatlarni rivojlantirish, zamonaviy tibbiy yutuqlarni joriy etish hamda bemorlarni rozi qilishda katta ishlarni amalga oshirmoqdalar.
Shu bois xalqimiz hamshiralarni mehr, sadoqat va bag‘rikenglik timsoli sifatida qabul qiladi. Bu ulug‘ va masʼuliyatli kasb egasi bo‘lish — har bir hamshira uchun faxr va sharafdir.
Siz azizlarni bugungi kasb bayramingiz — Xalqaro hamshiralar kuni bilan yana bir bor chin qalbimdan tabriklayman. Sizlarga sihat-salomatlik, oilaviy baxt, tinchlik-osoyishtalik, mehnat faoliyatingizda ulkan muvaffaqiyatlar tilayman!