RASMIY MUNOSABAT
Ijtimoiy tarmoqlarda “Dard ortdi, narx ham ortdimi? Urganchda bolalar shifoxonasi nima sababdan pullikka aylanyapti?» mavzusida xabar tarqaldi. Unda viloyat bolalar ko‘p tarmoqli tibbiyot markazida pullik xizmat ko‘rsatilayotgani aytilgan.
Xabarda keltirilgan holat yuzasidan viloyat sog‘liqni saqlash boshqarmasi quyidagilarni maʼlum qiladi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2024 yil 5 sentyabrdagi PQ-311-son qarori ilovasida qo‘rsatilgan kafolatlangan paketga kiritilgan tibbiy xizmatlardan bepul foydalanish uchun fuqarolar belgilangan muddatlarda oilaviy shifokorga yoki tibbiyot brigadasiga murojaat qilib, zarur tibbiy ko‘riklardan o‘tishlari lozim. Shoshilinch va tez tibbiy yordam holatlari bundan mustasno.
Oilaviy shifokor davolash va tashxislash standartlariga muvofiq bemorni tor soha shifokorlariga yoki zarur hollarda shifoxonaga elektron yo‘llanma asosida yuborish huquqiga ega. Bemor ushbu yo‘llanma orqali tegishli mutaxassis tomonidan ko‘rikdan o‘tkaziladi yoki shifoxonaga yotqiziladi. Ushbu tartibga rioya qilinmagan hollarda, yaʼni tibbiyot muassasalariga yo‘llanmasiz murojaat etilganda (shoshilinch va tez tibbiy yordamdan tashqari), tibbiy xizmatlar pullik asosda ko‘rsatiladi.
Xorazm viloyati bolalar ko‘p tarmoqli tibbiyot markazida tuman va shahar tibbiyot birlashmalari ko‘p tarmoqli markaziy poliklinika mutaxassislari tomonidan berilgan yo‘llanmalar asosida kafolatlangan paketga kiritilgan bemorlarga bepul tibbiy ko‘rik hamda statsionar davolash xizmatlari ko‘rsatilmoqda.
Shu bilan birga, markaziy poliklinika mutaxassislariga murojaat qilmasdan, yo‘llanmasiz to‘g‘ridan to‘g‘ri markazga tibbiy ko‘rikka kelgan bemorlarga belgilangan tartibda pullik asosida tibbiy xizmatlar ko‘rsatilmoqda.