Yaxshilik hech qachon unutilmaydi. Uzoq yillar davomida viloyat silga qarshi kurash dispanseri — hozirgi viloyat ftiziatriya va pulmonologiya markaziga rahbarlik qilgan marhum shifokor Farhod Xo‘janiyozov nomi shogirdlari, hamkasblari va yaqinlari qalbidan munosib o‘rin olgan.
Farhod Xo‘janiyozov 1968 yili Toshkent davlat tibbiyot institutini tamomlab, o‘sha yiliyoq viloyat silga qarshi kurash dispanserida mehnat faoliyatini boshlagan. U butun umrini sil kasalligiga qarshi kurashishga, shu muassasa faoliyatini takomillashtirishga bag‘ishladi. U kishi rahbarlik qilgan 1972–1998 yillar mobaynida dispanser tubdan qayta qurildi va zamonaviy talablar asosida yangilandi.
Farhod Xo‘janiyozovning shogirdlari va farzandlari tashabbusi bilan u kishining byusti tayyorlandi. Bugun viloyat ftiziatriya va pulmonologiya markazida ushbu byustning tantanali ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi. Tadbir ishtirokchilari u kishi haqida iliq xotiralar bilan o‘rtoqlashdilar.
Ustoz xotirasiga o‘rnatilgan bu byust — shifokorlik kasbiga sadoqat, insonparvarlik va fidoyilik ramzi sifatida xizmat qiladi. Uning yutuqlari va mehnati yangi avlod shifokorlari uchun ibrat va ilhom manbai bo‘lib qoladi.


