Viloyatimizda tibbiy xizmatlar sifatini oshirish, aholi uchun qulay va zamonaviy tibbiy sharoit yaratishga qaratilgan ishlar izchil davom etmoqda. Kuni kecha Yangibozor tumanidagi 65-son oilaviy poliklinikaning yangilangan binosi foydalanishga topshirildi.
Ushbu muassasani qayta rekonstruksiya qilish loyihasi “Ochiq byudjet” ning 2025 yil 1-mavsumida g‘olib deb topilgan edi. Loyihani amalga oshirish uchun 1,5 milliard so‘m mablag‘ ajratilib, bino tubdan rekonstruksiya qilindi va zamonaviy tibbiy standartlarga mos holga keltirildi.
Poliklinikaning ochilish marosimida Yangibozor tumani hokimi Ruslan Jumaniyazov, faxriylar, mahalla faollari, tibbiyot xodimlari hamda keng jamoatchilik vakillari ishtirok etdilar. Tadbirda so‘z olganlar yurtimizda sog‘liqni saqlash sohasini rivojlantirish borasida so‘nggi yillarda amalga oshirilayotgan islohotlar, xususan, zamonaviy tibbiy muassasalarning tashkil etilishi, ularning diagnostika va davolash imkoniyatlari kengaygani haqida fikr bildirdi.
Zamonaviy binoda ish boshlagan 65-son oilaviy poliklinika to‘liq yangilangan ko‘rinishga ega. Muassasa barcha zarur tibbiy asbob-uskunalar, diagnostika qurilmalari bilan jihozlangan. Asosiysi, poliklinika to‘liq raqamlashtirilgan bo‘lib, bemorlarni qabul qilish, xizmat ko‘rsatish va davolash jarayonlari yuqori sifatda tashkil etilgan.





