DMED axborot tizimi bo‘yicha tajriba almashilmoqda
Viloyatimizda birlamchi tibbiy xizmatni yana-da rivojlantirish, aholiga ko‘rsatiladigan tibbiy yordam sifatini oshirish hamda tibbiyot muassasalarini raqamlashtirish jarayonlarini jadallashtirish bo‘yicha amaliy ishlar izchil davom etmoqda. Xususan, shahar va tuman tibbiyot birlashmalarida DMED axborot tizimini namunali yo‘lga qo‘yish maqsadida mutasaddi xodimlar o‘rtasida tajriba almashish tizimi yo‘lga qo‘yildi.

Belgilangan tartib asosida har kuni bir tuman tibbiyot birlashmasi hamda uning tasarrufidagi birlamchi tibbiyot muassasalari rahbar va masʼul xodimlari viloyatimizda DMED tizimi samarali yo‘lga qo‘yilgan shifoxona va poliklinikalar faoliyati bilan tanishmoqda. Ushbu tajriba almashinuvlari natijasida har bir tumanda 1 ta oilaviy poliklinika va 1 ta oilaviy shifokorlik punktini namunaviy holatga keltirish vazifasi belgilandi.


Bugun Gurlan tuman tibbiyot birlashmasi masʼul xodimlari belgilangan grafik asosida Urganch shahridagi ko‘p tarmoqli markaziy poliklinika, 2-son oilaviy poliklinika hamda Yangibozor tumanidagi 65-son oilaviy poliklinikada bo‘lib, raqamlashtirish jarayonlari, axborot tizimlarining ishlash tartibi va joriy etilayotgan yangiliklar bilan yaqindan tanishdilar.
Ushbu tashriflar mutaxassislar tajribasini oshirish, axborot texnologiyalarini to‘g‘ri yo‘lga qo‘yish va birlamchi tibbiy xizmatni yana-da takomillashtirishga xizmat qiladi.

