
Savol: Bugungi kunda “Elektron retsept” tizimiga nechta tibbiyot tashkiloti va dorixona ulangan?
Javob: Toshkent shahar sog‘liqni saqlash bosh boshqarmasiga qarashli jami 152 ta davlat tibbiyot tashkiloti va 1 496 ta dorixonaning barchasi to‘liq “Elektron retsept” tizimiga ulangan. Hozircha poytaxtdagi mavjud 1 945 ta xususiy tibbiyot tashkilotidan 796 tasi (41 foiz) ushbu tizimga integratsiya qilingan.
Tajriba-sinov loyihasi amalga oshirilayotgan 15 ta hududda (Asaka, G‘ijduvon, G‘allaorol, Chortoq, Kitob, Xatirchi, Denov, Bulung‘ur, Ishtixon, Shovot, Chimboy, Quva, Sirdaryo tumanlari hamda Yangiyo‘l, Samarqand shaharlari) jami 383 ta davlat tibbiyot tashkiloti va 1 319 ta dorixonaning barchasi, mavjud 858 ta xususiy tibbiyot tashkilotidan 547 tasi (64 foiz) ushbu tizimga ulangan.
Mazkur hududlardagi qolgan xususiy klinikalar esa retsept yozilmasligi, faoliyati to‘xtatilganligi kabi sabablar bilan tizimga ulanmagan.
Savol: Yangi tizim joriy qilingan hududlardagi tizimga ulanmagan xususiy klinikaga murojaat qilgan bemor retseptni qanday oladi?
Javob: Bu holatda bemorlar o‘zi biriktirilgan oilaviy poliklinika va oilaviy shifokorga yoki shoshilinch tibbiyot muassasalariga murojaat qilishlari mumkin.
Savol: Hozir retseptli dorilarning necha foizi elektron shaklda beriladi?
Javob: Bugungi kunda retseptli dorilarning 98,9 foizi elektron shaklda beriladi. 1,1 foizi, yaʼni alohida toifadagi kuchli taʼsir qiluvchi moddalar, tarkibida giyohvandlik vositalari va psixotrop moddalar saqlovchi dori vositalari anʼanaviy shaklda (maxsus retsept blanka) beriladi.
Savol: Yangi tizim joriy qilingan hududlardagi hamma shifokorlar retsept yozish uchun zarur uskunalar bilan taʼminlanganmi? Tizimni ishga tushirishdan avval ularning taklif va tavsiyalari inobatga olinganmi?
Javob: Toshkent shahar va tajriba-sinov loyihasi joriy qilinayotgan 15 ta tuman (shahar)dagi davlat tibbiyot muassasalari retsept yozish uchun zarur bo‘lgan 9 turdagi uskunalar — axborot-kommunikatsiya texnologiyalari (monoblok, planshet, chek-printer va tarmoq qurilmalari) bilan taʼminlangan.
“Tibbiyot tashkilotlarida retsept bilan beriladigan dori vositalarini elektron retsept asosida tayinlash tartibi to‘g‘risida”gi Nizom tibbiyot muassasalari xodimlari takliflari asosida shifokorlardan iborat Ishchi guruh tomonidan ishlab chiqilgan.
Savol: Retsept bilan sotiladigan dorilar ro‘yxati qaysi mezonlar asosida shakllantirilgan?
Javob: Dori vositalarini retsept bilan yoki retseptsiz berilish tartibini belgilash ularni davlat ro‘yxatidan o‘tkazish davrida aniqlanib, tegishli yo‘nalishdagi shifokor mutaxassislar tomonidan xulosalar rasmiylashtirib tasdiqlanadi.
Bunda:
original dori vositasining qanday tartibda berilishi tasdiqlanganligiga;
ushbu dori vositasi ishlab chiqaruvchi davlatning tegishli organi tomonidan qanday tartibda tibbiyot amaliyotida qo‘llashga ruxsat berilganligiga;
uning faol moddasining dozasi, dori shakli va qo‘llanish usuli hamda qadoqdagi soniga ham bog‘liq.
Shuni taʼkidlash joizki, faol moddalar, xususan, Paratsetamol, Ibuprofen saqlovchi kombinirlangan dorilar retsept bilan tibbiyot amaliyotida qo‘llanilishi mumkin. Chunki ushbu dori moddalarining boshqa faol moddalar bilan kombinatsiyalari farmakologik xossalarini kuchaytirishi, nojo‘ya taʼsirlarni keltirib chiqarishi mumkin.
Masalan:
– Askorbin kislotasi tabletka va drajesi (dumaloq) retseptsiz, uning inyeksion dori shakli esa retsept bilan beriladi.
– Paratsetamol yoki Ibuprofen tabletkalari, yosh bolalar uchun ularni saqlagan suspenziyalar, siroplar, bel va bo‘g‘imlardagi og‘riqlarda ishlatiladagan surtmalar va gellar retseptsiz beriladigan dorilar qatoriga kiradi. Biroq 500 mg. dan ortiq Paratsetamol, Ibuprofen saqlovchi majmuaviy dorilar retsept bilan sotiladi.

