Elektron retsept tizimi: dorixonalar faoliyatida yangi bosqich

Xorazm viloyati sog‘liqni saqlash boshqarmasi tomonidan viloyat prokuraturasi va boshqa tegishli tashkilotlar bilan hamkorlikda Urganch shahridagi tibbiyot muassasalari hamda dorixona vakillari ishtirokida seminar-trening tashkil etildi. Seminarda shuningdek, Davlat xavfsizlik xizmati viloyat boshqarmasi masʼul xodimi, onlayn tarzda shahar va tumanlardagi barcha shifokorlar, dorixona faoliyatini olib boruvchi tadbirkorlik subyektlari, jami 3 mingdan ziyod masʼullar ishtirok etdi.

‼️Tadbirning asosiy maqsadi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2025 yil 8 sentyabrda qabul qilingan 570-sonli qarori mazmun-mohiyatini dorixona tizimida faoliyat yuritayotgan mutasaddilarga atroflicha tushuntirish, elektron retsept orqali dori vositalarini tayinlash va rasmiylashtirish tartibiga oid yangiliklar bilan tanishtirishdan iborat bo‘ldi.
Seminarni Xorazm viloyati sog‘liqni saqlash boshqarmasi boshlig‘i K. Tangriberdiyev ochib berib, sog‘liqni saqlash sohasini raqamlashtirish, dori vositalari aylanmasida shaffoflikni taʼminlash va aholiga ko‘rsatilayotgan tibbiy xizmatlar sifatini oshirishda elektron retsept tizimining ahamiyatiga to‘xtalib o‘tdi.
Farmatsevtika mahsulotlari xavfsizligi markazining Xorazm viloyati bo‘yicha bosh mutaxassisi Asqar Jumaniyozov elektron retsept orqali tayinlangan dori vositalarini rasmiylashtirish tartibi, shuningdek, litsenziya shartlariga kiritilgan o‘zgartishlar haqida atroflicha taqdimot qildi.

Xorazm viloyati sog‘liqni saqlash boshqarmasi boshlig‘i o‘rinbosari Jumanazar Qurbanov retsept bilan beriladigan dori vositalarini elektron retsept asosida tayinlash tartibi, uning huquqiy va amaliy jihatlari xususida batafsil maʼlumot berdi.
Shuningdek, seminar davomida Raqamli texnologiyalar vazirligining Xorazm viloyati hududiy shoʻbasi, Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti, Iqtisodiyot va moliya boshqarmasi, Adliya hamda Soliq boshqarmalari vakillari ham so‘zga chiqib, elektron retsept tizimini joriy etishda idoralararo hamkorlik, nazorat va huquqiy masʼuliyat masalalariga to‘xtaldilar.


Seminar yakunida ishtirokchilarni qiziqtirgan savollarga mutaxassislar tomonidan atroflicha javoblar berildi.

