Raqamli sog‘liqni saqlash markazi ish boshladi

Xorazm viloyati sog‘liqni saqlash tizimida muhim yangilik — viloyat sog‘liqni saqlash boshqarmasi qoshida Raqamli sog‘liqni saqlash markazi tashkil etilib, ish boshladi.
Markaz faoliyatining boshlanishi munosabati bilan o‘tkazilgan seminar-yig‘ilishda boshqarma boshlig‘i Ko‘palboy Tangriberdiyev raqamli islohotlar sog‘liqni saqlash sohasini sifat jihatdan yangi bosqichga olib chiqishini taʼkidladi. Bu tashabbus sohaga zamonaviy axborot texnologiyalarini joriy etish, raqamli tizimlardan samarali foydalanishni taʼminlash va inson omili bilan bog‘liq xatolarni kamaytirishga qaratilgani bilan ahamiyatlidir.

Maʼlumki, 2025 yilda Sog‘liqni saqlash vazirligi qoshida Respublika miqyosida Raqamli sog‘liqni saqlash markazi tashkil etilgan edi. Ushbu markaz orqali vazirlik tizimida joriy etilgan axborot tizimlaridan shifokorlar va hamshiralar tomonidan qanday foydalanilayotgani muntazam tahlil qilib borilmoqda. Endi ana shu tajriba hududiy darajada ham joriy etilib, viloyat tarkibidagi tibbiyot muassasalarida axborot tizimlarining kundalik faoliyati nazorat qilinadi.
Yangi tashkil etilgan markazning asosiy vazifalaridan biri — axborot tizimlaridan foydalanish jarayonida yo‘l qo‘yilayotgan xato va kamchiliklarni o‘z vaqtida aniqlash va bartaraf etishdir. Bu esa nafaqat tibbiyot xodimlarining ish samaradorligini oshiradi, balki tibbiy xizmat sifati yaxshilanishiga ham xizmat qiladi.

Seminar davomida DMED axborot tizimidan foydalanib kelayotgan muassasalar rahbarlariga tizimda kuzatilayotgan ayrim xato va kamchiliklar tahlil asosida ko‘rsatib berildi. Mutaxassislar tomonidan berilgan amaliy tavsiyalar esa kelgusida raqamli platformalardan yana-da to‘g‘ri va samarali foydalanishga zamin yaratadi.

